Toshkent davlat yuridik universiteti Kengashining
2023-yil 28-sentabrdagi majlisi 3-son bayonnomasiga
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetining
ODOB-AXLOQ KODEKSI
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Toshkent davlat yuridik universitetining Odob-axloq kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Toshkent davlat yuridik universitetining Odob-axloq kodeksi (keyingi o‘rinlarda – Odob-axloq kodeksi) Toshkent davlat yuridik universitetining (keyingi o‘rinlarda – Universitet) ichki hujjati bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda boshqa qonunchilik hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
Kodeks Universitet professor-o‘qituvchi va boshqa xodimlari (keyingi o‘rinlarda – xodimlar), bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, doktorantlari (keyingi o‘rinlarda – xodim, talaba va doktorant) kasbiy odob-axloqining tamoyillari, normalari, ta’lim jarayoni va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Odob-axloq kodeksining maqsad va vazifalari
Odob-axloq kodeksining maqsadlari:
xodim, talaba va doktorantlar madaniyatini milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirish;
ta’lim-tarbiya jarayonidagi odob-axloq normalarini tizimlashtirish;
xodim, talaba va doktorantlarni Universitet va uning qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash;
Universitetda kiyinish, tashqi ko‘rinish va xulq-atvorga bo‘lgan talablarni o‘rnatishdan iboratdir.
Odob-axloq kodeksining vazifalari quyidagilardan iborat:
Universitet xodim, talaba va doktorantlari o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
Universitetda zo‘ravonlik, shafqatsizlik va hayosizlik kabi nomaqbul hatti-harakatlar bilan shug‘ullanish va (yoki) targ‘ibot-tashviqot qilinishini oldini olish;
turli salbiy illatlar va milliy mentalitetimizga yot bo‘lgan g‘oya va qarashlar, ekstremizm, separatizm, fundamentalizm va «ommaviy madaniyat»ning ta’sir hamda xurujlarni targ‘ibot-tashviqot qilinishiga oid harakatlarni oldini olish;
mazkur nomaqbul xatti-harakatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, bartaraf etish;
xodim, talaba va doktorantlarda yuksak huquqiy ongni shakllantirish orqali O‘zbekiston Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalash;
xodim, talaba va doktorantlarda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini doimo hurmat qilish va himoya qilish ko‘nikmasini shakllantirish va yuksaltirish;
xodim, talaba va doktorantlarda vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash;
Universitetda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va rivojlantirish;
xodim, talaba va doktorantlarda tashqi ko‘rinishga oid madaniyatni shakllantirish;
Universitetning davlat va jamiyat hayotidagi hamda ta’lim tizimidagi nufuzi, obro‘-e’tiborini saqlash va yanada oshirish.
3-modda. Odob-axloq kodeksining amal qilish doirasi
Ushbu Kodeks oliy ta’lim muassasasining barcha xodim, talaba va doktorantlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2-bob. Odob-axloq kodeksining prinsiplari
4-modda. Universitet xodim, talaba va doktorantlari xulq-atvorining asosiy prinsiplari
Mazkur Kodeks qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik, adolat, halollik va xolislik, samaradorlik va tejamkorlik, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat prinsiplariga asoslanadi.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Xodim, talaba va doktorantlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya qiladilar hamda tegishlicha o‘z xizmat yoki o‘qish majburiyatlarini lavozim yo‘riqnomalari, mehnat shartnomalari, ushbu Kodeks qoidalari, Universitet Ichki tartib qoidalari hamda boshqa ichki hujjatlarga muvofiq bajaradilar.
6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi prinsipi
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari Universitetning oliy qadriyati bo‘lib hisoblanadi. Xodim, talaba va doktorantlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaydilar va bunday buzilishlar ro‘y bergan hollarda ularni tiklashga ko‘maklashadilar.
7-modda. Vatanparvarlik, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik prinsipi
Xodim, talaba va doktorantlar o‘z o‘qish va xizmat faoliyatlarini ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, xizmat va o‘qish burchiga sodiqlik asosida jamiyatning Universitetga bo‘lgan talabi va ishonchini ifodalagan holda amalga oshiradilar. Xodim, talaba va doktorantlar o‘z o‘qish va xizmat burchlarini o‘zaro xayrixohlik, o‘z manfaatlari va mafkuraviy qarashlaridan qat’iy nazar lozim darajada bajaradilar.
8-modda. Adolat, halollik va xolislik prinsipi
Xodim, talaba va doktorantlar o‘z xizmat va o‘qish faoliyatlarini amalga oshirishda adolatli, halol va xolis bo‘lishlari hamda Universitetga, unga tegishli bo‘lgan saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ushbu prinsip talablari asosida munosabatda bo‘lishlari shart.
9-modda. Samaradorlik va tejamkorlik prinsipi
Xodim, talaba va doktorantlar o‘z faoliyati samaradorligini doimiy ravishda oshirishga intiladilar.
Xodim, talaba va doktorantlar Universitetning mulkiga, o‘zining va boshqa shaxslarning vaqtiga mas’uliyat va ehtiyotkorlik bilan yondashadilar.
10-modda. Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat prinsipi
Xodim, talaba va doktorantlar korrupsiyaning har qanday shakli va ko‘rinishini qabul qilmaydilar va uning biror-bir tarzda namoyon bo‘lishiga qarshi hamjihatlikda qonuniy choralarni ko‘radilar.
Xodim, talaba va doktorantlar korrupsiyaga qarshi kurashishlari va uning profilaktikasiga faol ko‘maklashishlari, shuningdek, Universitetning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va boshqa korrupsiyaga qarshi kurashishga oid hujjatlar talablarini so‘zsiz bajarishlari, o‘z faoliyatlarini oshkora va adolatli amalga oshirishlari, yuqori axloqiy qadriyatlar va prinsiplarga sodiq qolgan holda qonun ustuvorligiga qat’iy rioya etishlari shart.
11-modda. Odob-axloq kodeksi prinsiplarining ustuvorligi
Odob-axloq kodeksining normalari uning prinsiplariga zid kelganda, prinsiplar ustuvor hisoblanadi.
3-bob. Xodim, talaba va doktorantlar yurish-turish va rasmiy muloqotiga oid talablar
12-modda. Universitetda kiyinish va tashqi ko‘rinishga oid qoidalar
Xodim, talaba va doktorantlarga professionallikka va tanlagan kasbiga xos tarzda kiyinish targ‘ib qilinadi.
Xodim, talaba va doktorant bo‘lgan xotin-qizlar tanani shaffof ko‘rsatib turadigan, yelka, ko‘krak va qorin, tizzadan yuqori qismlari ochiq qoladigan hamda haddan ziyod tor kiyimda, shuningdek, bo‘yin, bilak, quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga turli zirak yoki metall buyumlar bilan, tanasining ko‘rinib turadigan qismida pirsing yoki qoida tariqasida tatuirovkada Universitetga kelishlari mumkin emas.
Talaba-qizlar Universitetga och rangli va yorqin rangda bo‘lmagan bluzkalarda, tizzani yopib turadigan yubka, klassik turdagi shimlar yoki odmi kostyum va to‘q rangdagi poyabzalda kelishlari lozim.
Universitet xodimi, talabasi va doktoranti bo‘lgan erkaklar oq, havorang, ochiq rang ko‘ylakda, klassik uslubdagi shim, odmi kostyum va mos rangdagi poyabzalda kelishlari shart. Shuningdek, ust-boshga monand galstukda kelish tavsiya etiladi.
Xodimlar, talabalar va doktorantlarning tashqi qiyofasi va kiyimlari ozoda, pokiza hamda sochi tartibga solingan, soqoli olingan bo‘lishi, ular sochlari noodatiy bir necha ranglarga bo‘yalmagan va kiyinish talablariga rioya qilgan holda kelishi lozim.
Shuningdek, xodim, talaba va doktorantlarning Universitetga kelishi ruxsat etilgan formasiga turli din va konfessiyalar hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (kipa, kashaya, xoch, hijob va boshqalar) qo‘shish tavsiya etilmaydi.
Dam olish kunlari universitetga (shanba va yakshanba) erkin ust-boshda kelishlari mumkin (rasmiy tadbirlarda ishtirok etishga taklif etilganlar belgilangan kiyinish tartibiga amal qilgan holda keladi).
13-modda. Majlis va yig‘inlarda ishtirok etish
Xodim talaba va doktorantlar turli tadbirlar (majlislar, tantanali yig‘ilishlar, uchrashuvlar, bayramlar)dagi ishtiroki jarayonida so‘zga chiquvchilarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, tadbir davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlashlari shart bo‘lib, raislik qiluvchi va moderatorning ruxsatisiz luqma tashlash va so‘zga chiqish mumkin emas. Zarurat tug‘ilganda nutqlar o‘rtasida majlislar zalidan chiqib-kirish mumkin.
14-modda. Binolarda yurish-turish qoidalariga amal qilish
Binolarga kirish va chiqish joylarida, shuningdek, yo‘laklarda talabalar xodimlarni, erkaklar ayollarni, yoshlar esa kattalarni o‘zlaridan oldin o‘tkazib yuborishlari lozim.
Binoga kirayotgan xodim, talaba va doktorantlar binolarga kirib-chiqishni nazorat qilish uchun tayinlangan mas’ul shaxs yoki navbatchiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (ruxsatnoma, talabalik guvohnomasi, pasport va h.k.) ochiq holda ko‘rsatishlari yoki feys-kontrol (ID-karta) orqali turniketlardan o‘tishlari shart.
Xodim, talaba va doktorantlar Universitet hududida yo‘lning o‘ng tomonidan yurishlari, shuningdek, yo‘lak va xollarda mobil aloqa vositalari orqali baland ovozda gaplashmaslik madaniyatiga rioya etishlari maqsadga muvofiq. Bir-birlariga duch kelganda salomlashishlari, bunda: talabalar xodimlarga, yoshlar kattalarga birinchi bo‘lib salom berishlari tavsiya etiladi.
15-modda. Xodim, talaba va doktorantlarning rasmiy muloqot me’yorlari
Xodim, talaba va doktorantlar tashkilot va muassasalar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolar bilan o‘zaro munosabatga kirishganda quyidagi rasmiy muloqot me’yor va qoidalariga amal qilishlari kerak:
o‘z harakatlari bilan Universitet imijini saqlash va oshirish, Universitet, uning xodimlari, talabalari va doktorantlari nomi va manfaatlariga asossiz ravishda ziyon yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik, shuningdek, ular bilan muloqot qilganda hamda jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, Internet, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi chiqish va yozishmalarida o‘zlarining namunali xulq-atvori bilan Universitet haqida yuksak ijobiy taassurot uyg‘otish;
Universitet yoki xodim, talaba va doktorantlar haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yoxud noto‘g‘ri talqin qilingan, noto‘g‘ri talqin qilish uchun imkon beradigan ma’lumotlarni bila turib tarqatmaslik, bunday ma’lumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, Internet, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda bu mazmunda chiqishlar qilmaslik;
xodim, talaba va doktorantlarning roziligisiz ularning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni oshkor qilmaslik, shu jumladan har qanday shaxsning so‘rovi bilan xodim, talaba va doktorantlarning roziligisiz ularning shaxsiy qo‘l telefon raqamlari, uy adreslari, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi manzillari va shu kabi shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni bermaslik yoki tarqatmaslik, bundan shaxsi aniq va shunga vakolatli davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga belgilangan tartibda maʼlumotlarni berilishi mustasno;
xodim, talaba va doktorantlar haqida ularning kasbiy va o‘quv faoliyatiga oid bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashtirmaslik (xizmat zarurati bundan mustasno);
xizmat axborotlarini taqdim etish qoidalariga amal qilish;
o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida olingan ma’lumotlardan maqsadga muvofiq bo‘lmagan tarzda foydalanmaslik, shuningdek, ularni Universitet rahbariyati ruxsatisiz tarqatmaslik;
xodim, talaba va doktorantlarning ta’lim jarayonidagi faoliyati va kasbiy harakatlarini asossiz tanqid qilmaslik;
jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, Internet, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda davlat organlari, tashkilotlari va ularning xodimlari yoki Universitet faoliyati, xodim, talaba va doktorantlar harakatlarini aniq dalillarga ega bo‘lmagan holda muhokama qilmaslik va baho bermaslik.
16-modda. Ish va o‘qish vaqtiga rioya qilish
Xodim, talaba va doktorantlar dars mashg‘ulotlari va ishga o‘z vaqtida kelishlari, mehnat hamda o‘qish intizomiga rioya qilishlari shart.
17-modda. Universitetda g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishga yo‘l qo‘yilmasligi
Xodim, talaba va doktorantlarga quyidagi g‘ayriaxloqiy va nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishi qat’iyan taqiqlanadi:
har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etish, jumladan, tuhmat qilish, haqoratlash;
giyohvand moddalar, psixotrop, sintetik vositalar va ularning analoglari, alkogol va tamaki mahsulotlari, vayp, chilim, elektron sigaretlar va sarxush qiluvchi boshqa vosita hamda moddalarni iste’mol qilish va tarqatish;
tinchlik yoki osoyishtalikka qarshi tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar o‘ynash;
Universitetga moddiy va uning ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir etuvchi ma’naviy zarar yetkazish;
xodim, talaba va doktorantlarga jismoniy, ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazish;
xodim, talaba, doktorant yoki boshqa shaxslarning mulkiga, moddiy qimmatliklariga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun turli ko‘rinishda egallab olish, basharti ushbu holat tegishli asoslar bilan o‘z tasdig‘ini topsa;
Universitet hududini ifloslantirish;
Universitet binolari va hovlisida, shuningdek, Universitet binolariga tutashgan hududda spirtli ichimliklar ichish va tamaki yoxud boshqa turdagi mahsulotlarni chekish hamda mast holda bo‘lish;
Universitetga tegishli kompyuterlarda Universitetga tegishli bo‘lmagan ma’lumotlarni, shuningdek, turli kinofilmlar, noqonuniy ma’lumotlar, behayo surat va filmlar, milliy, irqiy, etnik, diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, ekstremistik, separatistik va fundamentalistik kayfiyatdagi har qanday materiallarni tayyorlash, ko‘rish, saqlash, tarqatish va ularga da’vat etish;
o‘quv mashg‘ulotlari va ishga hamda xodim va talabalarning osoyishtaligiga xalaqit beradigan xatti-harakatlar sodir etish (shu jumladan radiouzatgich, televizor, multimedia, ovoz chiqaruvchi va boshqa moslamalardan maqsadsiz foydalanish);
xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan soxta ma’lumot va hujjatlarni taqdim etish va qabul qilish;
xodimlar, talabalar va doktorantlar tomonidan Universitet hujjatlariga qasddan o‘zgartirish kiritish yoki ularni yo‘q qilish (bo‘yash, o‘chirish, qo‘shimcha yozuvlar kiritish yoki zarar yetkazish);
umumbashariy va milliy qadriyatlarga xos bo‘lmagan yoki Universitet, uning xodimlari nufuziga putur yetkazadigan materiallarni ommaviy axborot vositalari, Internet, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda joylashtirish yoki ulardan turli nomuvofiq maqsadlarda foydalanish;
Universitetning ishchanlik obro‘si, qadr-qimmati va nufuzini tushiradigan, ta’lim jarayonining ma’naviy buzilishiga olib keladigan agressiya, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, zo‘rlash va vahshiylik, vandalizm, millatlararo nizo qo‘zg‘atadigan, ta’qiqlangan diniy yo‘nalishdagi, terrorizm, ekstremizm, va fundamentalizm, shuningdek, behayo va ishqiy sahnalarni namoyon qiladigan fotosuratlar, video va audioyozuvlardan foydalanish va ularning tarqatish;
davlat organlari va tashkilotlari, ularning xodimlari, shuningdek Universitet faoliyati, xodimlar, talabalar va doktorantlar sha’ni va qadr qimmati hamda ishchanlik obro‘siga salbiy ta’sir qiluvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilgan dalillarga asoslanmagan turli xil ko‘rinishdagi ma’lumot, fikr, mulohaza va munosabatlarni jamoat oldida, ommaviy axborot vositalari, Internet, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda bildirish yoki joylashtirish.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlarni sodir etish xodimlar, talabalar va doktorantlarni mehnat shartnomasi bekor qilinishi (talabalar safidan chiqarilishi)gacha bo‘lgan javobgarlikka asos bo‘ladi.
O‘quv jarayoniga oid qoida va talablar buzilishi bilan bog‘liq holatlar akademik halollikka oid ichki me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
4-bob. Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro
munosabatlariga oid talablar
18-modda. Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlari
Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlari milliy qadriyat va an’analar, yagona jamoaviy muhit, o‘zaro hurmat va e’tibor, do‘stlik, hamjihatlik, halollik va adolat tamoyillariga asoslanishi lozim.
Xodim, talaba va doktorantlarning o‘zaro munosabatlarida inson qadr-qimmatiga hurmatsizlik, shaxsiyatni kamsitish, o‘zganing intellektual mulki yoki boshqa ijod mahsulini ruxsatsiz o‘zlashtirib olish, qo‘pollik, behayo so‘zlar ishlatish, mushtlashish qat’iyan man etiladi.
Pedagog xodimlar talabalarga ularning shaxsini hurmat qilgan holda o‘quv va tarbiya jarayonida yuqori talabchanlik bilan yondashadilar.
19-modda. Xodim, talaba va doktorantlarning auditoriyadagi va undan tashqaridagi o‘zaro munosabatlari
Pedagog xodim auditoriyaga kirganida, talabalar unga hurmat ko‘rsatgan holda salomlashib kutib oladilar va dars mashg‘uloti tugagach hurmat bilan kuzatib qo‘yadilar.
Pedagog xodimlar o‘quv jarayoni va boshqa holatlarda ham talabalarning shaxsini hurmat qilishi, ular bilan munosabatda ochiqlik va xayrixohlik tamoyillariga amal qilish, talabalarga ta’lim berish jarayonida o‘z vazifalarini beg‘araz amalga oshirishi, talabaga munosabatda ularni kamsitish, qo‘pol so‘z ishlatish, o‘zini yuqori tutish va tanish-bilishchilik kabi yondashuv shakllarini mutlaqo qo‘llamaslik, ularga nisbatan doimo haqqoniy munosabatda va xolis bo‘lishlari shart.
Pedagog xodimlar talabalarga ularni qiziqtirgan fan yoki o‘quv kursiga oid masalalar yuzasidan dars jarayonidan tashqari vaqtlarda bergan savollariga ham axloq me’yorlariga amal qilgan holda javob qaytarishlari va ularni fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqlarini oshirish choralarini ko‘rishlari zarur.
20-modda. Akademik ta’qib va tazyiqqa yo‘l qo‘yilmasligi
Universitet hayotida rahbariyat yoki pedagog xodim tomonidan talabalarni ularning roziligisiz muayyan ishlarga jalb etganlik, haq to‘lamasdan ularning mehnat kuchidan foydalanish (Universitet va unga biriktirilgan boshqa hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilingan holda ixtiyoriy shanbalik va boshqa turdagi tadbirlar bundan mustasno) maqsadida ularga murojaat etilganida, talabalar tomonidan bunday so‘rovga rad javobining berilishi pedagog xodim tomonidan kelgusida ularga dars mashg‘ulotida past baho qo‘yish yoki boshqa turdagi tazyiq va ta’qib (akademik xarassment) qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Asoslangan jiddiy sabablar (qo‘pollik, tamagirlik, dars sifatining pastligi, pedagog xodimning aybi bilan mashg‘ulotlar o‘tkazilishidagi muntazam uzilish hollarini isbotlovchi dalillar va b.) hamda guruh (kurs)ning oddiy ko‘pchiligini tashabbusi bilan talabalar pedagog xodimni almashtirish haqida iltimos bilan fakultet dekaniga murojaat qilishlari mumkin (23-moddadan ko‘chirildi).
21-modda. Uyali aloqa vositalaridan foydalanish
Dars mashg‘ulotlari vaqtida uyali aloqa vositalaridan foydalanish barcha uchun qat’iyan taqiqlanadi, pedagog xodimlar tomonidan dars jarayoni bilan bog‘liq yoki uzrli holatlar bundan mustasno.
Talabalarga uyali aloqa vositalaridan foydalanishga zarur va uzrli holatlarda pedagog xodimning ruxsati bilangina ruxsat etilishi mumkin.
22-modda. Dars mashg‘ulotida ishtirok etish
Talabalarning darsga kech qolib kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Lekin uzrli sababga ko‘ra darsga kech qolgan talaba pedagog xodimning ruxsati bilan auditoriyaga kiritiladi.
Dars mashg‘ulotlariga 10 daqiqadan ortiq kechikkan talabalar qoida tariqasida auditoriyaga kiritilmasligi mumkin.
Talabalar o‘zlari bilan zaruriy o‘quv vositalarini olib kelishlari shart.
Pedagog xodim dars mashg‘ulotlariga o‘zining nojo‘ya harakatlari bilan xalaqit berayotgan talabani yuzaga kelgan vaziyat haqida fakultet rahbariyatiga xabardor qilgan holda darsdan chetlatishi mumkin.
23-modda. Dars mashg‘ulotidan tashqari vaqtda muloqot qilish
Talaba uchun pedagog xodim bilan dars mashg‘ulotlaridan tashqari vaqtda muloqot qilish zarurati bo‘lsa, u holda muloqot:
maslahat soatlari, mustaqil ish yoki o‘zaro kelishuv bo‘yicha belgilangan vaqtda amalga oshirilishi mumkin;
talaba o‘zi muloqot qilmoqchi bo‘lgan pedagog xodimning lavozimi, ismi, otasining ismi va familiyasini bilishi maqsadga muvofiq.
24-modda. Bo‘ysunuv bo‘yicha muloqot me’yorlari (subordinatsiya)
Xodim o‘zlariga yuklatilgan xizmat vazifalari doirasida yuqori turuvchi rahbar xodimning bergan qonuniy topshiriq va ko‘rsatmalarini bajarishi shart.
Talaba ta’lim-tarbiya jarayonida tegishli dekanat mas’ul xodimlarining bergan qonuniy topshiriq va ko‘rsatmalarini bajarishi shart.
Xodim, talaba va doktorantlar xizmat yoki o‘qish zarurati yuzasidan qoida tariqasida bevosita yuqori turuvchi mas’ul xodimga, tegishli masala hal bo‘lmaganda esa undan yuqori turuvchi mansabdor shaxsga murojaat qiladilar.
5-bob. Xodim, talaba va doktorantlarning odob-axloqqa oid majburiyatlari
25-modda. Rahbariyatning majburiyatlari
Rahbariyat hamda tarkibiy bo‘linma rahbarlari (keyingi o‘rinlarda – rahbar) o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionallik, xolislik, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, Universitet yoxud uning tarkibiy bo‘linmasida ijobiy, ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim. Rahbar bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek, qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.
Rahbar o‘z faoliyatida:
kadrlarni qarindoshlik, mahalliychilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish va mehnat munosabatlarida kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi;
guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizmga, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi;
qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatmasligi;
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;
korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;
xodimlarning kasbiy va intellektual jihatdan rivojlanishlari uchun qulay ish joyi, zamonaviy kompyuterlar, internet tarmog‘i, kutubxona fondi va axborot resurslaridan erkin foydalanishlari, hordiq chiqarishlari, dam olishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoitlarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib yaratib berishi;
xodimlar faoliyatini samarali tashkil etib, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart.
Rahbar qo‘l ostidagi xodimlarning mehnat intizomiga rioya qilishlarini talab qilishi va uni ta’minlashga mas’uldir.
26-modda. Xodim, talaba va doktorantlarning umumiy majburiyatlari
Universitetga o‘qishga, ishga kirayotgan shaxslar mazkur Kodeks bilan yozma ravishda (imzo chektirib) tanishtiriladilar.
Xodim, talaba va doktorantlar:
qonunchilik hujjatlari va mazkur Kodeks talablariga rioya etishga;
odob-axloqqa oid milliy an’analarimiz, urf-odat va qadriyatlarimizni hurmat qilishga;
o‘z ustilarida doimiy ravishda ishlash va qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini muntazam ravishda o‘rganib borishga;
o‘z vazifalarini vijdonan, professional darajada amalga oshirishga;
Universitet obro‘-e’tibori va nufuziga dog‘ tushiradigan har qanday harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyishga;
Universitet to‘g‘risidagi axborotlardan uning manfaatlari va ishchanlik obro‘siga ziyon yetkazish maqsadida foydalanmaslikka;
Universitet mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish (ko‘char va ko‘chmas mulk, o‘simlik va hayvonot dunyosiga va b.), shu jumladan, xizmat vazifasini bajarish uchun berilgan moddiy texnika vositalaridan to‘g‘ri va tejamkorona foydalanishga;
elektr energiyasi va suvni tejamkorona ishlatishga;
biron-bir noxush voqea yoki hodisa ro‘y bersa, u haqda zudlik bilan Universitet rahbariyatiga xabar berishga;
belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z vazifalarini og‘ishmay bajarishga, xodim, talaba va doktorantlarning shaxsiy va oilaviy muammolarini muhokama qilmaslikka, hech bir shaxs haqida jinsi, irqi, millati, tili, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va lavozimi haqida hamda boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar noto‘g‘ri fikr yuritmaslikka va uni kamsitmaslikka;
boshqa shaxslar haqida turli ig‘vo, fitna, g‘iybat va bo‘htonlar uyushtirmaslikka va tarqatmaslikka;
Universitet ishchanlik obro‘si yoki nufuziga putur yetkazadigan nizoli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka;
boshqa xodim, talaba va doktorantning mehnat va o‘quv jarayonidagi sa’y-harakatlariga qasddan ziyon yetkazmaslikka;
xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakatlar sodir etmaslikka, shilqimlik qilmaslikka, o‘zaro munosabatlarda umume’tirof etilgan axloq qoidalarini mensimaslikda ifodalanuvchi behayo so‘zlardan foydalanmaslikka;
davlat organlari va mansabdor shaxslarning, shuningdek, Universitet rahbariyatining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarishga;
shaxsiy foydasi hamda o‘zgalar manfaatini ko‘zlab o‘z mavqeini suiiste’mol qilmaslikka;
haqiqatni gapirishga, rahbarlar va boshqa xodimlarni chalg‘itmaslikka;
Universitet mutasaddi xodimlarining ruxsatisiz binolarida turli e’lon va reklamalarni joylashtirmaslikka;
Universitet rahbariyatining ruxsatisiz 20 va undan ortiq xodim, talaba va doktorantlar ishtirokida yig‘in yoki ko‘ngilochar tadbirni tashkil etmaslikka;
kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan, ularning oshkor etilganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beriladigan axborotning saqlanishi va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishga;
Universitet nomidan foydalangan holda moddiy jihatdan yaxshi ta’minlanganligini ommaga ataylab ko‘z-ko‘z qilmaslikka;
Axborot-resurs markazi xodimlari bilan xushmuomala bo‘lishga, kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, u yerda uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yish yoki ovozsiz rejimga qo‘yishga, baland ovozda so‘zlashmaslik va atrofdagilarga xalaqit bermaslikka, oziq-ovqat iste’mol qilmaslik, qog‘oz, saqich va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslikka, kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilishga;
sport majmuasiga sport kiyimi va poyabzalida kirishga;
sport inventarlariga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga;
mashg‘ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirishga;
sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga rioya qilishga;
Universitet auditoriyalari, binolari va binolarga tutashgan hududda tozalikni saqlashga (ifloslantirmaslik, chiqindilarni joylarda qo‘yilgan maxsus qutilarga tashlashga);
shaxsiy avtomobilni taqiqlangan joyda qoldirmaslik, yo‘l harakati qoidalarini buzmaslik va mensimaslikka (beparvo bo‘lish), shuningdek, transport vositalaridan foydalanishda xavf-xatar yaratmaslikka majbur.
27-modda. Talaba va doktorantlarning majburiyatlari
Talaba va doktorantlar:
pedagog xodim bilan boshqa talabalarning bahosini muhokama qilmaslikka;
yozma ishlarni himoya qilish va reyting nazoratiga doir tartib-qoidani bajarish vaqtida chetdan yordam olmaslik, o‘zgalarga yordam ko‘rsatmaslikka;
boshqa shaxslar tomonidan tayyorlangan topshiriqlar yoki yozma ishlarni o‘z nomidan topshirmaslikka;
mashg‘ulotlarni sababsiz o‘tkazib yubormaslikka va darslarga sababsiz kechikib kelmaslikka;
Universitet xodimlari va o‘qituvchilariga qo‘pollik qilmaslikka, ular bilan tortishmaslikka, agarda ular nohaq bo‘lsa tegishli shaxslarga xabar berishga, o‘qituvchilarning shaxsiy hayotiga oid noo‘rin savollar bilan murojaat qilmaslikka;
xodim, talaba yoki doktorant bilan nizoli vaziyat yuzaga kelganda o‘z hissiyotlarini jilovlashga va mazkur vaziyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli bo‘linma va xodimlarga (murabbiy (tyutor), dekan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Talabalar assotsiatsiyasi) murojaat qilishga;
o‘quv jarayonida pedagog xodimning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga;
dars vaqtida gaplashmaslik hamda dars mashg‘ulotiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanmaslikka;
jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, stol va stullarga yozmaslikka;
qog‘oz, saqich va boshqa keraksiz narsalarni auditoriyada qoldirib ketmaslikka;
mashg‘ulotlar davomida ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslikka, shuningdek, shaxsiy kompyuter va boshqa kommunikatsiya vositalaridan faqat pedagog xodim ruxsati bilan foydalanishga;
pedagog xodimga mashg‘ulotlar vaqtida savol yoki iltimos bilan qo‘l ko‘targan holda va ruxsat berilganidan so‘ng murojaat qilishga;
Talabalar turar joyi Ichki tartib qoidasiga qat’iy rioya qilishga majbur.
28-modda. Xodimlarning majburiyatlari
Xodimlar:
mazkur Kodeks hamda Universitetning boshqa ichki hujjatlariga rioya qilishga;
ta’tildan oldin yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda o‘z xizmat joyini talabga javob beradigan holatda qoldirishga, o‘z zimmasidagi orgtexnika vositalari va boshqa materiallarni, o‘ziga topshirilgan, lekin hali yakunlanmagan vazifalarni boshqa shaxsga topshirishga;
telefon orqali muloqot qilishda muomala madaniyati va axborot taqdim etish qoidasiga rioya qilishga majbur;
Shuningdek, pedagog xodimlar:
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;
yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlaridan, boshqa turli halokatli tahdidlar hamda biz uchun yot bo‘lgan ekstremistik ta’sirlardan, «ommaviy madaniyat» xurujlaridan ogoh etib borishga;
ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda va ma’rifiy ishlarning samarali shakl hamda uslublarini ishlab chiqishga ko‘maklashishga;
o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarishga shubha tug‘diradigan xatti-harakatlarni qilmaslikka, talabalar bilan o‘z hamkasblarini kasbiy va shaxsiy kamchiliklarini muhokama qilmaslikka;
dars mashg‘ulotlariga kechikib kelgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra talabalarni o‘quv mashg‘ulotlaridan chiqarib yubormaslikka, shuningdek, talabaga oliy ta’lim muassasasi talabalar safidan chetlashtirish (kursdan kursga qoldirish) yoki talabaning majburan o‘qishdan voz kechishiga undash bilan qo‘rqitmaslikka, uning asossiz talabalar safidan chetlashtirilishiga (kursdan-kursga qoldirilishiga) olib kelmaslikka;
ta’lim oluvchilarga nisbatan tazyiq o‘tkazish, tegajog‘liq va zo‘ravonlik qilish kabi sha’n va qadr-qimmatini kamsitadigan nojo‘ya-xatti harakatlarni sodir etmaslikka;
talabaga nisbatan adovatga bormaslikka;
akademik guruhda (kursda) talabalar xulqining umumiy madaniy holati haqida fakultet dekanlariga kerak bo‘lgan hollarda ta’sir choralari ko‘rish lozimligi yuzasidan yozma ma’lumot taqdim etishga majbur.
6-bob. Rag‘batlantirish va chora ko‘rish tartibi
29-modda. Xodim va talabalarni rag‘batlantirish
O‘quv yili davomida mazkur Kodeksga to‘la rioya qilgan, Universitetda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish, tadbirlarda tashabbuskorlik ko‘rsatgan xodim va talabalar rahbariyat, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boshqa tarkibiy bo‘linma rahbarlari tavsiyasiga binoan belgilangan tartibda moddiy yoki ma’naviy rag‘batlantirilishlari mumkin.
30-modda. Kodeks qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Universitet xodim, talaba va doktoranti tomonidan mazkur Kodeks qoidalarining buzilishi uni belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.
31-modda. Kodeks va ichki tartib-qoidalarning o‘zaro munosabati
Xodim, talaba va doktorantlar mazkur Kodeks qoidalarini buzganida, ularga nisbatan Universitet Ichki tartib qoidalarida qayd etilgan choralar qo‘llaniladi.
7-bob. Odob-axloq komissiyasi faoliyatini tashkil etish
32-modda. Odob-axloq komissiyasi
Mazkur Kodeks normalarining xodim, talaba va doktorantlar tomonidan buzilishiga oid masalalar, qoida tariqasida, Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, Odob-axloq komissiyasi, qoida tariqasida, Universitet rektorining ko‘rsatmasi bo‘yicha;
xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra;
o‘z tashabbusi bilan;
xodim, talaba va doktorantlaridan, shuningdek, Universitetga aloqa kanallari orqali kelib tushgan axborot asosida ham ushbu turdagi masalalarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari va uning faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar Universitet rektori tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadi.
33-modda. Odob-axloq komissiyasi xulosasi
Odob-axloq kodeksining buzilishi holatlarini Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqa tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda Universitet rektoriga ko‘rib chiqishi uchun qoidabuzar xodim, talaba va doktorantni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xususiyatini hisobga olgan holda Odob-axloq komissiyasi xodim, talaba va doktorantga nisbatan Odob-axloq kodeksining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.
Odob-axloq kodeksiga rioya etmagan xodim, talaba va doktorantni intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha buyruq loyihasi fakultet dekanlari (talabalarga nisbatan), kadrlar bo‘limi (xodimlar) va ilmiy boshqarma (doktorantlarga nisbatan) tomonidan tayyorlanadi.
Xodim, talaba va doktorantlar o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek, Universitet qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.
34-modda. Jamoatchilik nazorati
Xodim, talaba yoki doktorantning xulq-atvori ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida, mazkur Kodeksga rioya etmaganlik holatlari Kasaba uyushmasi qo‘mitasi, Talabalar assotsiatsiyasi, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotida ham muhokama qilinishi amaliyoti joriy etilishi mumkin.
8-bob. Yakuniy qoida
35-modda. Kodeksning kuchga kirishi hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
Mazkur kodeks Universitet Kengashi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi va unga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish Universitet Kengashi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
1